01 December 2020
15:04 - Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.Kamilovning AQSh Davlat kotibi M.Pompeo bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida
2020-yilning 30-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi.

Davlat kotibi Oʻzbekiston delegatsiyasining 2020-yil 16-20-noyabr kunlari Vashingtonga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarni olqishladi.

Tashrif davomida ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha atroflicha fikr almashilganligi va amaliy ahamiyatga ega kelishuvlarga erishilganligi qayd etildi.
M.Pompeo Amerika Qo‘shma Shtatlarining Oʻzbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar dasturini izchil qoʻllab-quvvatlashda sobit ekanligini tasdiqladi.

Davlat departamenti rahbari siyosiy maslahatlashuvlar shakli Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik darajasi va surʼatini aks ettiruvchi Strategik sheriklik muloqotiga oʻzgarganligining muhim ahamiyati haqida alohida taʻkidladi.

AQSh va Oʻzbekiston mazkur Muloqot doirasida siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va xavfsizlik sohalarida yanada yaqinroq hamkorlik qilishga intiladi. Tomonlar Oʻzbekistonda olib borilayotgan bozor iqtisodiyotiga yoʻnaltirilgan siyosat va xususiylashtirish jarayonlari mobaynida savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik, “C5+1” formatidagi o‘zaro munosabatlar, Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklash va barqarorlikni taʼminlash masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

Suhbat davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

* * * * *

“Ҳаракат”: Бу хабар айнан шу шаклда Ўзбекистон Ташқи Ишлар Вазирлигининг расмий сайтидан олинди. Бошқа ҳеч қандай илова йўқлиги ҳам хабарнинг камчилиги, аммо биз бунга қарши ҳеч нарса қилолмадик. Хабарнинг асосий адреси - https://mfa.uz/28883